Продолжая просмотр сайта и(или) нажимая X, я соглашаюсь с использованием файлов cookie владельцем сайта. Batafsil
Huawei va SQB o‘rtasida sun’iy intellektni birgalikda rivojlantirish uchun kelishuv imzolandi
2026-yil 23-iyul kuni Huawei kompaniyasi va “O‘zsanoatqurilishbank” ATB (SQB) sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni jadallashtirishga qaratilgan O‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Hamkorlik doirasida intellektual moliyaviy yechimlarni ishlab chiqish, shuningdek, an’anaviy va sun’iy intellekt hisoblashlari uchun zamonaviy infratuzilmani yaratish ko‘zda tutilgan. Tomonlarning qo‘shma sa’y-harakatlari moliya sektorida sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish, bank jarayonlari samaradorligini oshirish hamda raqamli transformatsiyani jadallashtirishga qaratilgan. Mazkur tashabbuslarni amalga oshirish sun’iy intellekt imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va yangi intellektual xizmatlarni joriy etish imkonini beradi.

Huawei Uzbekistan va SQB rahbariyati o‘rtasida memorandumni imzolash marosimi Huawei kompaniyasining Toshkentdagi ofisida bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida mehmonlarga Huawei kompaniyasining namoyish markazida innovatsion yechimlari taqdim etildi, shuningdek, bank sektori uchun sun’iy intellekt va barqaror SI infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha global tendensalarga bag‘ishlangan ekspertlar muhokamasi o‘tkazildi.
Huawei mutaxassislari Xitoyning moliyaviy xizmatlar sohasida sun’iy intellektni keng ko‘lamda joriy etish tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar hamda SI yechimlarining amaliy qo‘llanilishiga oid muvaffaqiyatli misollarni taqdim etdilar. Uchrashuv uzoq muddatli texnologik hamkorlikni rivojlantirish va O‘zbekistonning innovatsion ekotizimini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Huawei Uzbekistan direktori Tan Syaosyan (Tang Xiaoxiang) SQB jamoasiga kompaniya yechimlariga bildirayotgan yuksak qiziqishi uchun minnatdorlik izhor etdi. U bankning raqamli transformatsiyasi yo‘nalishidagi avvalgi hamkorlik muvaffaqiyatli kechganini ta’kidlab, sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etdi.

«SQB bilan tarmoq infratuzilmasi bo‘yicha qator hamkorlik loyihalarini amalga oshirganmiz, – deydi Huawei Uzbekistan kompaniyasi direktori Tan Syaosyan. – Bugun bank raqamli rivojlanish, mijozlar tajribasini yanada yaxshilash, operasion samaradorlikni oshirish hamda intellektual yechimlarni keng qo‘llash bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Bu Huawei’ning SI imkoniyatlari orqali mijozlar uchun yangi qiymat yaratish strategiyasiga to‘liq mos keladi. Shu bois hamkorlikni kengaytirish va mamlakatga ilg‘or texnologiyalarni olib kirish maqsadida SQB bilan memorandum imzolaganimizdan mamnunmiz.»

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB Sun'iy intellekt bo‘yicha bosh direktori Sergey Kozlovning ta’kidlashicha, mazkur kelishuv bankning texnologik rivojlanish strategiyasida muhim ahamiyatga ega. «Huawei axborot texnologiyalari, apparat ta’minoti va SI sohasida katta tajribaga ega xalqaro kompaniyadir. Ushbu hamkorlik bankka ilg‘or texnologiyalar va ekspert bilimlarini jalb qilish, raqamli rivojlanishni jadallashtirish hamda intellektual mahsulotlarni yaratish uchun keng imkoniyat ochadi. Shu bilan birga, u mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoda yangi istiqbollarni ro‘yobga chiqarish uchun ishonchli asos bo‘ladi.»

Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi direktor o‘rinbosari Toni Yan (Yan TuoYuan) ta’kidlashicha, kompaniya mamlakat AKT sektorida faoliyat yuritayotgan 26 yil davomida moliya sohasidagi kompetensiyalarini izchil kengaytirib bordi — uskunalar va dasturiy ta’minot yetkazib berishdan tortib, kompleks tarmoq yechimlarini yaratishgacha. Apparat va dasturiy platformalar, muhandislik salohiyati, hamkorlik ekotizimi hamda mahalliylashtirilgan xizmatlarni rivojlantirishga muntazam investitsiyalar kiritilishi natijasida Huawei moliya sektorining raqamli transformatsiyasini qo‘llab-quvvatlashning barqaror modelini shakllantirdi.

Bugungi kunda agentli sun’iy intellekt (Agentic AI) bank sohasi rivojlanishining navbatdagi bosqichiga aylanmoqda. Intellektual agentlar tranzaksiyalarni qayta ishlash, risklarni boshqarish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish va qarorlar qabul qilish jarayonlarida tobora faolroq ishtirok etmoqda. Bu esa mutlaqo yangi darajadagi hisoblash infratuzilmasini talab qiladi. Moliyaviy tashkilotlar katta hajmdagi ma’lumotlar bilan samarali ishlay oladigan hamda zamonaviy sun’iy intellekt modellarini qo‘llab-quvvatlaydigan moslashuvchan, xavfsiz va yuqori unumdor platformalarga ehtiyoj sezmoqda.
Moliya sektori uchun yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha 16 yillik tajribaga ega Huawei bugungi kunda dunyoning 80 ta mamlakati va mintaqasidagi 7 100 dan ortiq moliyaviy tashkilot bilan hamkorlik qiladi. Kompaniya moliyaviy institutlarning raqamli va intellektual transformatsiyasi jarayonida ishonchli texnologik hamkor bo‘lib qolishni maqsad qilgan. Huawei hamkorlari bilan birgalikda bank sohasining agentli sun’iy intellekt (Agentic AI) davriga o‘tishini jadallashtirish hamda moliyaviy intellektni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratishga intiladi.